Maqsadimiz - oilalarni mustahkamlash

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 76-moddasida oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, nikoh Oʻzbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi, davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanganligi bois nikoh-oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ayniqsa er va xotinning nikohdan ajratish haqidagi ishlarni koʻrishda sudyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sudyalar oila toʻgʻrisidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni koʻrishlari lozim.
Nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizalar sudga kelib tushganda, sudya har bir da’vo ariza boʻyicha taraflar bilan mediatsiya koʻrinishidagi suhbat oʻtkazishi shart.
Bunda sudya muayyan ishning holatlarini muhokama qilmasdan, nikohdan ajratishning salbiy oqibatlarini, jumladan, farzandlarning tarbiyasiga ta’sirini, moddiy va huquqiy holatlarni tushuntirishi, er va xotinni yarashtirish choralarini koʻrishi lozim.
Chunki, bitta oila turmushida kelib chiqadigan kelishmovchilik kelgusida turli xil oilaviy nizolarning koʻpayishiga olib keladi hamda oilada farzandlarning toʻlaqonli kamol topishiga, tarbiyalanishiga toʻsqinlik qiladi.
Shu sababli, kelishmovchilik oʻz vaqtida hali ogʻir oqibatlar keltirib chiqarmasidan avval er va xotinni yarashtirish choralarini koʻrish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda oiladagi ahvolni chuqur oʻrganish, oila rishtalarining darz ketishiga qanday omillar sabab boʻlganligini tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish talab etiladi.
Ajralish arafasida turgan oilalarni tiklash va oilalarni mustahkamlash yoʻnalishida Namangan viloyatida sudlar, mahalliy hokimliklar, oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasining Namangan viloyat boshqarmalari, IIB hamda boshqa nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu masalada imom xatiblar, otinoyilar va nuroniylarimiz ham faol ishtirok etmoqdalar.
Nikohdan ajratish haqidagi ishlar boʻyicha oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari va mahalla fuqarolar yigʻinlarining tegishli xulosalarini olish yoʻlga qoʻyilgan.
Hamkorlikdagi olib borilayotgan ishlar natijasida 2024 yilning 1-choragida nikohdan ajratish bilan bogʻliq koʻrilgan ishlar soni 2023 yilning shu davriga nisbatan 130 taga va sud qarorlariga asosan nikohdan ajratilganlar soni 103 taga kamaygan.
Oilalarni tiklash borasida muhtaram Prezidentimizning 21.12.2023 yildagi PQ-401-sonli “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudi negizida oilaviy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan 2 nafar sudyadan iborat “Oila sudyalari”ni tajriba tariqasida tashkil etish belgilanganligi ayni muddao boʻldi.
Ushbu qaror juda muhim, Bizning milliy qadriyatlarimizga mushtarak holda va oʻz vaqtida qabul qilindi.
Mazkur qaror mamlakatimizda izchil olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonlarida mustaqil sud tizimini hech bir horijiy davlatlarnikidan kam boʻlmagan yanada yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zero, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo (shahar) sudlari negizida “Oila sudyalari”ni tashkil etilishi kelgusida sudga nikohdan ajrashish maqsadida ariza bergan er va xotinlarni yarashtirish, oilada sogʻlom muhitni tiklash, oiladagi voyaga etmagan farzandlarni huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.


Namangan viloyat sudining fuqarolik
ishlari boʻyicha sudlov hay’ati sudyasi T.Rajabov