Aloqa liniya va inshootlarining muhofazasi barchamizga tegishli masala

Bugungi kunga kelib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga shunchalik singib ketdiki, nafaqat kundalik hayotimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham ularsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.


Albatta axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali ishlashida aloqa liniyalarining oʻrni beqiyosdir. Aloqa liniyalaridagi qisqa muddatli uzilish yoki toʻxtalishlar fuqarolarga koʻrsatilayotgan internet xizmati sifati pasayishiga yoki umuman toʻxtashiga sabab boʻlishi mumkin.

Aloqa liniyalari muhofazasini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-sonli qarori bilan “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish Qoidalari” tasdiqlangan.


Mazkur Qoidada, aloqa liniyalarining himoya zonasida(har ikki tomondan 2 metrdan) telekommunikatsiya egalarining roziligisiz turli qurilish ishlarini loyihalashtirish, har xil inshootlar oʻrnatish, tuproqni tekislash yoki chuqurlatish, beton toʻsiqlar qurish, koʻp yillik daraxtlar va mevali koʻchatlar ekish, chiqindilarni tashlash, ogʻir yuklarni va avtotransport vositalarini toʻxtatib qoʻyish, kabel liniya inshootlarini joyini oʻzgartirish yer sathini surish tekislash, kommunikatsiya inshootlarini olib oʻtish kabi har turdagi ishlar, turli hajmdagi quvurlarni tushirish va saqlash taʼqiqlangan.


Aloqa liniyalarini muhofaza hududlarida ishlarni, aloqa liniyalari egalari bilan kelishgandan soʻng, vakil ishtirokida ishlar olib borish tartibi hamda ushbu Qoidalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va alohida shaxslar (yuridik va jismoniy shaxslar) tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi belgilangan.


Hokimliklar, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar aloqa kommunikatsiyasi egalariga ushbu kommunikatsiyalarning shikastlanishining oldini olishda va barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar tomonidan mazkur Qoidalar talablarini taʼminlashda oʻz vakolatlari doirasida yordam berishlari;


shuningdek, aloqa liniyalari va inshootlarini himoya hududlarida tegishli ruxsatnomasiz ishlash va buzish, buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari hamda yetkazilgan zararni qoplash belgilangan.
“Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi Namangan viloyati hududiy shuʼbasi va “Oʻzbektelekom” AK Namangan filiali tomonidan aloqa liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish boʻyicha ogohlantirish, targʻibot-tashviqot ishlarini olib borilishiga qaramay, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida fuqarolar tomonidan aloqa korxonalaridan tegishli ruxsatnomalar olmasdan, ularni vakilarini chaqirmasdan aloqa liniyalarini muhofaza zonasida yer qazish ishlarini olib borishlari natijasida 4 ta holatda aloqa liniyalariga shikast yetkazilgan.


Mazkur holatlar boʻyicha “Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi Namangan viloyati hududiy shoʻbasi tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 154-moddasiga asosan maʼmuriy jazo choralari koʻrildi.


Shu oʻrinda Viloyatimiz aholisidan, ularga koʻrsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlarida uzilishlar sodir boʻlmasligi uchun aloqa liniyalari himoya hududlarida “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish Qoidalari”ga asosan ish olib borishlarini soʻrab qolamiz.


“Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi
Namangan viloyati hududiy shuʼbasi