Namanganda maʼnaviyat marafoniga start berildi

Bugun Namangan shahrining uch favvora xiyobonida “Biz bir boʻlsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!” shiori ostida Maʼnaviyat marafoniga start berildi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari  Gʻulomjon Murodxodjayev, Nuroniylar kengashi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Ikromxon Najmiddinov, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Musoxon Appaqov, Namangan shahar hokimi Gʻofirjon Djamalov hamda Nuroniylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirda soʻzga chiqqan  “El-yurt hurmati ordeni” sohibi Ziyoviddin Mansurov, Yosh avlodni yuksak maʼnaviyatli, madaniyatli va ruhan barkamol etib tarbiyalashda viloyatimizda oʻtkazilayotgan ommaviy madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻrni beqiyosligini takidladi.

Mazkur marafon doirasida “Baxtli bolalik”, “Kitob – bilim bulogʻi”, “Mahorat darsi”, “Kasb-hunar olimpiadasi”, “Kasbim – faxrim”, “Yashil kelajak”, futbol boʻyicha “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi kubogi”, “Inson qadri”, “Yetakchi ekspress”, “Sport – tinchlik elchisi” kabi mavzularda 11 ta aksiya, koʻrgazmali tanlovlar, kitob yarmarkalari, badiiy-adabiy kechalar, sport musobaqalari hamda konsert dasturlari oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Namangan shahar hokimligi